Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida litsenziyasiz kirakashlik qilib kelgan fuqarolardan pul undirish bilan shug‘ullangan guruh ushlangan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: IIB axborot xizmati

Ma’lum qilinishicha, Samarqand viloyati IIB Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash boshqarmasi xodimlari tomonidan Bulung‘urda joylashgan “Bulung‘ur dehqon bozori”  hududida ikki nafar shaxsning fuqarolardan litsenziyasiz kirakashlik qilgani uchun doimiy ravishda tovlamachilik yo‘li bilan pul talab qilib kelayotgani to‘g‘risida ma’lumot olingan.

Mazkur ma’lumot bo‘yicha 2021-yil 23-dekabr kuni Bulung‘ur tumani “Bulung‘ur dehqon bozori” oldida viloyat IIB hamda DXX boshqarmalari xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda fuqaro I.K., fuqaro I.dan kunlik talab qilib kelayotgan 40 ming so‘m pullarni olgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlangan.

Fuqaro I. K. va A.K. lar Bulung‘ur tuman IIBga olib kelinib, xolislar ishtirokida yon cho‘ntaklari ko‘zdan kechirilganda tadbir uchun ishlatilgan maxsus ishlov berilgan pullar borligi aniqlanib, xolislar ishtirokida hujjatlashtirib olingan.

Shuningdek, I. K. va A.K. lar bilan olib borilgan surishtiruv ishlari davomida, ular “Gulbahor opa trans” MChJ xodimlari 17ta taksi mashinalariga ruxsati bo‘lishiga qaramasdan, 100 ga yaqin taksichilik qiladigan mashinalardan kunlik 40 ming so‘mdan noqonuniy ravishda pul undirib, MChJning rahbari X.G.ga berib kelishini va o‘zlarining shaxsiy manfaatlari yo‘lida ishlatib kelayotganini ma’lum qilgan.

Surishtiruv davomida, “Gulbahor opa trans” MChJda pul terish ishlari bilan shug‘ullanuvchi X.Sh., H.S. va B. A. lar aniqlanib, tuman IIBga olib kelingan.

Bundan tashqari, o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, Bulung‘ur tumani markazida joylashgan bekatlarda pul yig‘ish bilan shug‘ullanuvchi J.B. bilan tezkor surishtiruv olib borilgan.

Surishtiruv davomida, u “Bahora avto yo‘lovchi” xususiy korxonasida ishlashini va yo‘nalishiga qarab kunlik “stoyanka” xaqi uchun har bir mashinadan kunlik 2 ming so‘mdan 4 ming so‘mgacha, litsenziyasiz faoliyat olib borishlari uchun esa har bir mashina egasidan kunlik 20 ming so‘mdan 50 ming so‘mgacha naqd pul terib olishini va jamiyat rahbari E.A. ga topshirishini ma’lum qilgan.

Shundan so‘ng, “Bahora avto yo‘lovchi” xususiy korxonasi direktori E.A. ushlanib, shaxsiy tintuv qilinganda, uning yonidan taksi mashinalarini yozib boruvchi daftar, ruchka va 670 ming so‘m pullar borligi aniqlanib, xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, I. K. va ukasi A.K. lar bir guruh bo‘lib, 2021-yil 28-avgust kuni soat 13:30larda jamoat joyi hisoblangan Bulung‘ur tumani Mehrjon mahallasi hududida jamiyatda o‘rnatilgan odob-axloq normalariga zid ravishda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, hech bir sababsiz fuqaro D.R. ning tanasining turli sohalariga urib-do‘pposlashib, unga tan jarohati yetkazishgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Bulung‘ur tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan I. K. va A.K. larga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “v” bandi va 277-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchilar JPKning 221-moddasi tartibda ushlangan. Tadbirning qolgan 6 nafar ishtirokchilariga nisbatan 15 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.