O‘zbekiston 11 oyda chet davlatlardan 308 million litr avtomobil benzini sotib oldi. Bu haqda Statistika qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Yandex

Ma’lum bo‘lishicha, 2021-yilning yanvar–noyabr oylarida 115,3 million dollarlik 308,4 million litr benzin import qilingan. Ko‘rsatkich 2020 yilning mos davriga nisbatan 112 million litrga oshgan.

Shuningdek, quyida O‘zbekiston avtomobil benzinini import qilgan asosiy davlatlar ro‘yxati e’lon qilingan:

  • Rossiya – 145,3 million litr;
  • Turkmaniston – 141,2 million litr;
  • Qozog‘iston – 16 million litr;
  • Iroq – 3,6 million litr;
  • Eron – 1,8 million litr.

Avvalroq, O‘zbekistonda 2021-yilning yanvar–sentabr oylarida 815,2 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarilgani xabar qilingandi. Shuningdek, “O‘zbekneftgaz” Ai-80 benzini narxi pasayganini ma’lum qilgandi.