Fransiyaning Marsel shahrida koronavirusning yangi shtammi qayd etildi. Bu haqda Marseldagi Yuqumli kasalliklar instituti olimlari tadqiqotiga asoslanib xabar berildi. 

Foto: Zakon KZ

Tadqiqotga ko‘ra, Fransiya janubi-sharqidagi shaharlardan birining 12 nafar aholisida koronavirus variantlari bilan bog‘liq mutatsiyalarni aniqlash testlari “notipik kombinatsiya”ni ko‘rsatgan. 

Birinchi marta B.1.640.2 deb nomlangan koronavirusning yangi varianti 2021 yil noyabr oyida Kamerundan qaytgan odamda aniqlangan. Virus genomini tahlil qilish natijasida 46 ta mutatsiya aniqlangan. 

“Shunday qilib, genom mutatsiyalarining namunasi biz “IHU” deb atagan yangi variantdan dalolat beradi”, – deb yozgan tadqiqotchilar. 

Ta’kidlanishicha, ular olgan ma’lumotlar koronavirusning yangi shtammlari paydo bo‘lishini oldindan belgilab bermaydi. 

Ma’lumot o‘rnida, hozirda Fransiyada “omicron” tarqalmoqda, mamlakat Sog‘liqni saqlash vaziri Olive Veranga ko‘ra, tez kunlarda bu turning tarqalishi kengayadi.