Samarqand va Namangan shaharlarini istiqbolda “millionlik shaharlar”ga aylantirish bo‘yicha choralar ko‘riladi. Bu 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini 2022-yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasida aytib o’tilgan.

Foto: Nuz.uz

Xususan, Samarqand va Namangan shaharlarini “millionlik shaharlar”ga aylantirish bo‘yicha respublika ishchi guruhlari tashkil etiladi. Samarqand va Namangan shaharlarining chegaralarini o‘zgartirish masalasi xalq deputatlari mahalliy kengashlarida ko‘rib chiqiladi. Samarqand va Namangan shaharlari chegaralarini o‘zgartirish bo‘yicha Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi qarorlari ishlab chiqiladi.

Bundan tashqari, Qashqadaryo viloyatining urbanizatsiya darajasini 50 foizga yetkazish mo‘ljallangan. Bunda Qashqadaryo viloyatida urbanizatsiya darajasini yanada yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

Xususan:

  • 12ta shahar, 117ta shaharcha va 1041ta qishloq aholi punktlari inventarizatsiyadan o‘tkaziladi;
  • 2-ta katta, 1ta o‘rta va 9ta shahar joylashuvlari tahlil qilinadi va iqtisodiy jihatdan bunday holat qanchalik iqtisodiy taraqqiyotga muvofiqligi o‘rganiladi;
  • Qarshi shahri atrofidagi aholisi 5 500 kishidan ortiq bo‘lgan qishloq aholi punktlari (Qozikent, Uzunnavo, To‘qmang‘it) urbanizatsiya jarayonlari yanada jadallashtiriladi va ularni Qarshi shahriga qo‘shish muvofiqligi o‘rganiladi;
  • Kitob shahri atrofidagi aholisi 4200dan ziyod bo‘lgan qishloq aholi punktlarida (Minglar, Gulgunpo‘sht, Jarqo‘rg‘on) urbanizatsiya jarayonlari yanada jadallashtiriladi va ularga shahar maqomini berish bo‘yicha ishlar olib boriladi;
  • aglomeratsiya va ichki migratsiya jarayonlarini hisobga olgan holda aholisi 1,43 milliondan ziyod bo‘lgan shahar aholi punktlarining ixchamligi va qulay joylashuvini ta’minlash bo‘yicha ishlar olib boriladi.

Shuningdek, shaharlardagi aholining turmush tarzi qulayligini baholovchi “Shaharlar qulayligi” indeksi joriy etiladi. Xalqaro tajribani o‘rgangan holda, “Shaharlar qulayligi” indeksini joriy qilish loyihasi konsepsiyasi ishlab chiqiladi.

Bunda:

  • BMT Xabitat dasturi, xorijiy davlatlar tajribasi va tegishli imzolangan xalqaro shartnomalar va memorandumlar ko‘zda tutiladi;
  • hududlarning bosh rejalar bilan ta’minlangani, arxitekturaviy dizayn-kodlar mavjudligi va ularga rioya qilinishi, infratuzilma va bino-inshootlar fondi energosamaradorligi, hududlar ko‘kalamzorligi va obodonlashtirish darajasi, shaharlarning infratuzilma bilan ta’minlangani inobatga olingan holda obektlar joylashtiriladi va loyihalashtiriladi;
  • shaharlarni zonalarga bo‘lish orqali ichki hududlarni tegishli toifalarga ajratgan holda baholash maqsadida 6ta zonaga (yashash joylari, yo‘l chizmalari, ko‘kalamzorlashtirish, ma’muriy, biznes infratuzilmasi, ijtimoiy infratuzilmalar, jamoat maydonlari) bo‘lish va ularni baholash ishlari amalga oshiriladi.