Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida yo‘l ta’mirlashda ishlab turgan ishchi vafot etgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: RIA Novosti

Ma’lum qilinishicha, 2021-yil 27-dekabr kuni soat 19:00larda Nishon-Talimarjon avtomobil yo‘lining 25-kilometrida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Nishon tumani “Shirinobod” MFYda yashovchi P.T. o‘zining boshqaruvida bo‘lgan “Nexia” mashinasi bilan Nishon-Talimarjon avtomobil yo‘lining 25-kilometrida ta’mirlash ishlari olib borayotgan S.I. ni urib yuborgan.

Oqibatda Nishon tumani yo‘llaridan foydalanish unitar korxonasi yo‘l bo‘limi ishchisi S.I. og‘ir tan jarohatlari olib, voqea joyida vafot etgan.

Qayd etilishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan Nishon tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq shu yilning 1-yanvar kuni Dehqonobod tumanida haydovchi mashinani yomg‘irli havoda ehtiyotsizlik bilan boshqarishi oqibatida 5 kishi halok bo‘lgani xabar berilgandi.