Qozog‘istonning Mang‘istov oblastida suyultirilgan gaz narxi keskin ko‘tarilishiga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi Tengrinews.

Xabarga ko‘ra, 2-yanvar kuni Janao‘zan shahri aholisi miting o‘tkazgan. Avtomobilchilar bir litr gaz narxi 120 tengega ko‘tarilganidan norozilik bildirgan va hukumatdan narxni ikki baravarga kamaytirishni talab qilgan.
3-yanvar kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev respublika hukumatiga “Janao‘zandagi vaziyatni zudlik bilan ko‘rib chiqish” bo‘yicha topshiriq berganini ma’lum qildi.
O‘z navbatida, vazirlar mahkamasi Mang‘istov oblastidagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya tuzilganini e’lon qildi va gaz narxini barqarorlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilishini bildirdi.
Mang‘istov oblastidagi noroziliklar fonida respublikaning yirik shaharlarida xavfsizlik choralari kuchaytirilgani aytilmoqda.
Yana bir nashrning yozishicha, xususan, Olmaotada markaziy maydon politsiya tomonidan o‘rab olingan.