“Tolibon” inklyuziv hukumat tashkil qilmaguncha Eron ularni tan olmaydi, dedi Eronning Qobuldagi elchisi Baxador Aminian.

Foto: Sputnik

“Agar hukumat boshiga biror monoetnik guruh kelsa va u yerda boshqa etnik guruhlar boʻlmasa – biz buni qabul qila olmaymiz. Biz “Tolibion” rahbarlariga eng yaxshi niyatlarda inklyuziv hukumat tashkil qilishni maslahat bermoqdamiz.

Oʻshanda Eron nafaqat toliblarni tan oladi, balkim Rossiya, Xitoy, Markaziy Osiyo davlatlari va qator arab davlatlarini ham bunga undaydi. Aks holdan “Tolibon” iqtisodiy muammolarni hal qila olmaydi. Oqibatda esa migratsiya va IShID kuchayishiga olib keladi. Bu esa butun hududga tahdid soladi”, degan Eron elchisi.

“Tolibon” matbuot kotibi oʻrinbosari Inamulla Samangani Eron elchisining ushbu gaplarini “mamlakat ichki ishlariga aralashish” deb atadi va har bir mamlakat ushbu masalani oʻzi hal qilishini taʼkidlagan.

Ma’lumot uchun, 2021-yilning 15-avgust kuni “Tolibon” harakati Afg‘oniston poytaxtini egallab, hokimiyatni qo‘lga oldi. Harakat 19-avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligini tuzdi. Prezident Ashraf G‘ani mamlakatdan qochib ketdi. Keyinroq tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, u dastlab O‘zbekistonga, so‘ng BAAga uchgan.

6-sentabr kuni “Tolibon”ga bo‘ysunmay turgan yagona viloyat – Panjsherni egallagach, 7-sentabr kuni harakat rahbarlari muvaqqat hukumatni shakllantirdi.