“Asakabank”ni transformatsiya qilish hamda xususiylashtirish dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash rejalashtirilmoqda. Bunda xorijiy ekspertlarni jalb qilinadi. Bu haqda muhokamaga qoʻyilgan Oʻzbekistonning 2022–2026 yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi loyihasida aytib o’tilgan.

Foto: Google

Shuningdek, “Xalq banki”, “Qishloqqurilishbank” “Mikrokreditbank”, “Agrobank”, “O‘zmilliybank”ning aksiyalarini 2023-yilga qadar fond birjasi orqali ommaviy joylashtirish “Yo‘l xarita”lari ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

Bundan tashqari, bank tizimida moliyaviy barqarorlikni ta’minlash ko‘zda tutilgan. Jumladan:

  • moliyaviy barqarorlik bo‘yicha Xalqaro valuta jamg‘armasining doimiy eksperti jalb qilinadi;
  • 2022 yil birinchi yarim yillik natijalari bo‘yicha moliyaviy barqarorlik sharhi chop etiladi;
  • Xalqaro valuta jamg‘armasi ko‘magida iqtisodiyotda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlar aniqlanadi, ularning bank tizimi barqarorligiga ta’sirini baholashga qaratilgan stress-test modellari ishlab chiqiladi;
  • yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan moliyaviy yo‘qotishlarga banklarning bardoshliligini ta’minlash maqsadida makroprudensial buferlar yaratish choralari ko‘rib boriladi.

Zamonaviy moliyaviy xizmatlar, operatsiyalar va texnologiyalarni (fintex) hamda naqd pulsiz to‘lovlarni rivojlantirish dasturini ishlab chiqish ham nazarda tutilmoqda. Bunda:

  • ilg‘or xorijiy tajriba asosida amaldagi qonunchilik takomillashtiriladi;
  • sohada AKT infratuzilmasi rivojlantiriladi;
  • moliyaviy xizmatlarni ko‘rsatishda kiberxavfsizlik ta’minlanadi;
  • moliyaviy xizmatlarni raqamlashtirish orqali ularning ommabopligini oshirish nazarda tutiladi;
  • naqd puldagi to‘lovga nisbatan naqdsiz to‘lovlar arzonroq bo‘lishi ta’minlanadi;
  • jismoniy shaxslar tomonidan naqd pulsiz to‘lovlarni amalga oshirish uchun qulay sharoitlar yaratiladi;
  • davlat xizmatlari uchun to‘lovlarni naqd pulsiz shaklda amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.