O‘zbekistonda barcha transport turlarini uzviy bog‘lagan holda yagona transport tizimi rivojlantiriladi. Bu haqda O‘zbekistonning 2022—2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida ma’lumot berilgan.

Foto: “Uzbekistan Airways” axborot xizmati

Qayd etilishicha, yirik shaharlar o‘rtasida kunlik transport qatnovlari bo‘yicha uzog‘i bilan 6-7 soatda manzilga yetib borish va qaytib kelish imkoniyati yaratiladi.

Shuningdek, havo transportini rivojlantirish orqali shaharlararo qatnovlarda aholi mobilligi oshiriladi. Bunda:

  • mahalliy tashuvlarda xususiy va loukoster aviakompaniyalar ulushi bosqichma-bosqich 25 foizgacha oshiriladi;
  • mahalliy aviaqatnovlar sonini haftasiga 48tadan 80taga hamda tutashuvchi qatnovlar soni 4tadan 8taga yetkaziladi.

ijtimoiy talablardan hamda zaruriyatdan kelib chiqqan holda yangi va mavjud mahalliy aviaqatnov yo‘nalishlarini subsidiyalash davom ettiriladi. Hududlardagi har bir aeroportni texnik holatidan kelib chiqib iqtisodiy hisob-kitoblar asosida rivojlantirish konsepsiyasi va har bir aeroport bo‘yicha manzilli dastur ishlab chiqiladi.

Hududlardagi 11 ta xalqaro aeroportlarning o‘tkazish qobiliyati 2 barobarga oshiriladi. Aeroportlarda 11ta yangi yuk terminalini qurish orqali yuklarga xizmat ko‘rsatish hajmi 3 barobarga ko‘paytiriladi. Navoiy aeroporti hamda xalqaro intermodal logistika markazi boshqaruviga yirik xorijiy yuk operatori jalb qilinadi.