Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adanom Gebreyesus yangi yil munosabati bilan qilgan murojaatida umidbaxsh mujda yo‘lladi: insoniyat 2022-yilda koronavirus pandemiyasiga xotima yasashi mumkin, ammo buning uchun vaksina taqsimotidagi adolatsizlik va tengsizlikka barham berish talab etiladi.

Foto: Izvestiya

JSST rahbariga ko‘ra, koronavirusning xavfli “omikron” shtammi vujudga kelishiga ayrim mamlakatlarning haddan ziyod ko‘p miqdordagi vaksinalarni g‘amlab olgani va boshqalar bilan baham ko‘rmagani sabab bo‘ldi. Bu holat “vaksina millatchiligi” deb atalgan.

Darhaqiqat, dunyoning boy mamlakatlari o‘z fuqarolarini qo‘shimcha ravishda uchinchi doza bilan emlayotgan bir paytda aksar o‘lkalarda aholi hali birinchi dozadan ham bebahra qolmoqda.

“Adolat tamoyili qancha ko‘p buzilsa, ushbu virusning yangi turlari tarqalishi xavfi ham shuncha ortadi. Pirovardida biz ofat qarshisida butkul ojiz qolishimiz mumkin”, deb ogohlantirgan Gebreyesus.

Xavotir va hadiklar ostida kechgan so‘nggi uch yilda “kovid”ga qarshi ko‘plab vositalar sinovdan o‘tkazildi. Sayyoramiz bo‘ylab 8,5 milliard doza vaksina istifoda etildi. Ammo vaksina taqsimoti ko‘rsatkichiga nazar solinsa, tabaqalashuv va tengsizlik kuchli ekanini ko‘rish mumkin.

JSST rahbariga ko‘ra, pandemiyaga barham berish uchun 2022-yil o‘rtalariga qadar Yer sayyorasining 70 foiz aholisi emlanmog‘i lozim. Ayni choqda, tibbiy niqob taqish, ijtimoiy masofaga rioya etish, ommaviy ravishda test o‘tkazish kabi chora-tadbirlarni ham yoddan chiqarmaslik kerak.

Vaksinalarni adolatli taqsimlash masalasi jahonning yirik davlatlari e’tiboridagi masala bo‘lib qolmoqda. Bu borada JSST shafeligida COVAX (COVID-19 vaksinasidan dunyo miqyosida teng foydalanishga qaratilgan xalqaro tashabbus) dasturi amalga tatbiq etilmoqda.

Ma’lumot uchun , keyingi paytlarda koronavirusning “omikron” shtammiga chalinganlar soni oshib bormoqda. Shu sabab sayyoramiz bo‘ylab yangi yil bayrami tantanalari ham cheklangan shart-sharoitda o‘tkazildi.

2-yanvar holatiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 289 milliondan ziyod COVID-19 xastaligi ro‘yxatga olingan. Ushbu ofatdan o‘lim topganlar soni 5 mln.  457 mingdan oshgan.