Eron oliy yetakchisi Oyatulloh Ali Xomanaiy AQSh sobiq prezidenti Donald Trampga tahdid qildi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.

Foto: RIA Novosti

Uning so‘zlariga ko‘ra, “Islom inqilobi qo‘riqchilari” korpusining “Al-Quds” maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniyni yo‘q qilishga buyruq bergan AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp butun dunyo bo‘ylab sodir etgan qotilliklari uchun haq to‘laganidan keyin “tarix axlatxonasida” qolib ketadi.

Ta’kidlanishicha, Eron oliy rahbari bu haqda Qosim Sulaymoniy o‘ldirilganining ikki yilligi arafasida eronlik genyeralning oilasi bilan uchrashuv chog‘ida aytgan va Sulaymoniy mintaqa yoshlari orasida namunaga aylanganini qo‘shimcha qilgan.

“Qosim Sulaymoniyning qotillari — Tramp va unga o‘xshagan boshqalar — butun dunyo bo‘ylab o‘z qotilliklari uchun katta to‘lov to‘laganlaridan keyin o‘zini ‘tarix axlatxonasi’da ko‘radi”, deya tahdid qilgan Xomanaiy.

Bundan tashqari, Eronning oliy rahnamosi AQShning boshqa davlatlar, jumladan, Afg‘oniston va Iroqdagi harakatlariga ham e’tibor qaratgan.

“AQSh Afg‘onistondan qochib ketdi, Iroqda esa Amerika kontingenti maslahat guruhi darajasida qisqartirildi. Iroqlik birodarlarimiz bu masalani diqqat bilan kuzatib borishi kerak. Qarshilik fronti Yamanda ham oldinga siljimoqda. Suriyada ham dushmanning kelajakka umidi yo‘q. Qarshilik jabhasi butun mintaqada tobora ko‘proq umid uyg‘otmoqda”, degan u.

Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi

Sulaymoniy 2020-yilning 3-yanvarida Bag‘dod aeroportiga qilingan raketa hujumi oqibatida halok bo‘lgan. General bo‘lgan karvonga raketa hujumi uyushtirish buyrug‘i AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp tomonidan berilgan. Sulaymoniy Afg‘oniston, Iroq, Suriya va Liviya kabi mamlakatlarda Eron siyosatidagi eng nufuzli shaxslardan biri sanalgan.

Bir tomondan, Sulaymoniy AQShga qarshi kurashgan guruhlar qo‘mondoni vazifasini bajargan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, Iroqda AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralarda asosiy shaxs sifatida qatnashgan. Bu borada Sulaymoniy nafaqat sarkarda, balki yaxshi diplomat sifatida ham tanilgan.

Qosim Sulaymoniy ham Oyatulloh Ali Xomanaiydan keyin Eronning xavfsizlik siyosatini shakllantirishda eng nufuzli shaxslardan biri bo‘lgan.