Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidagi MFY mas’uli nafaqa tayinlanishida ko‘maklashganini aytib, fuqarodan pul talab qilganini, pulni “klik” orqali olishga uringani haqida xabarlar tarqaldi.

Foto: Repost

Xabarga MFY raisi o‘rinbosari fuqaroga mehmoni borligini aytib, kelishilgan masala bo‘yicha ataganini berishini so‘ragan.

Dehqonobod tuman hokimligi xabariga ko’ra, tuman IIB mas’ullari holat bo‘yicha MFY raisiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgan.

“Qayd etilishicha, Dehqonobod tumanida yashovchi fuqaro Yu.M.ning Departamentning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi boshlig‘i nomiga yozgan arizasi yuzasidan olib borilgan tergovga qadar tekshirish harakatlari davomida Dehqonobod tumanida yashovchi H.B. 2021-yilning 29-yanvar kunidan hozirgi kunga qadar MFY raisi o‘rinbosari sifatida ishlab kelib, boshqalar bilan o‘zaro til biriktirgan holda xizmat mavqeyidan foydalanib, jinoiy til biriktirib, bir guruhga birlashib, o‘zgalar mulkini ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida, o‘zlarida bo‘lmagan vakolatlarni namoyon qilib, 2021-yilning noyabr oyida fuqaro Yu.M.ga voyaga yetmagan besh nafar 14 yoshga to‘lmagan farzandi uchun kam ta’minlangan oilalarga ajratiladigan ijtimoiy nafaqa chiqarib berishini va’da qilib, undan jami 250 ming so‘m pullarni talab qilib olgan va firibgarlik jinoyatini sodir qilgan”, – deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan MFY raisi o‘rinbosari H.B.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.