Oʻzbekiston hukumati 2026-yilgacha nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari sonini kamida 50taga, oliy taʼlim muassasalari sonini 200taga yetkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan O‘zbekistonning 2022—2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida aytib o‘tilgan.

Foto: Google

Qoraqalpogʻiston Respublikasida 5ta nufuzli mahalliy va xorijiy oliygohlarning filiallari tashkil etilishi kutilmoqda. Toshkent viloyatida Nurafshon davlat universiteti ochiladi. U 5 ming nafar talabaga moʻljallangan boʻladi.

Kelgusi 5 yilda Andijon viloyatida 4ta xususiy oliygoh, Namanganda esa 7ta oliygoh oʻz eshiklarini ochishi mumkin.

Samarqand shahrida 20 ming nafar talabaga moʻljallangan “Yoshlar shaharchasi”ni barpo etilib, unda kamida 4ta xorijiy universitetning filial va kampuslarini joylashtiriladi.

Xorijiy davlatlarning yetakchi texnika universiteti bilan birgalikda Samarqand texnologiya universitetini tashkil etish ham rejada bor.

Har bir hududda oliy taʼlimga boʻlgan ehtiyojdan kelib chiqib, kamida 1tadan nodavlat oliy taʼlim tashkiloti tashkil etilishi kutilmoqda.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi maʼlumotlariga koʻra, mamlakatda oliygohlar soni 156taga yetgan.

2022-yilda Rossiya Oʻzbekistonda 10 tacha OTM filialini ochishni rejalashtirgan. Bugungi kunga qadar Oʻzbekistonda Rossiyaning 15ta yetakchi universitetlarining filiallari tashkil etilgan boʻlib, ulardan 12tasi 2018—2021 yillarda ochilgan. Mazkur filiallarda mamlakatning 6 ming nafardan ortiq talabasi tahsil olmoqda.