“Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.

Foto: Bosh prokuratura axborot xizmati

Farmonga ko‘ra, mamlakat miqyosida daraxtzorlarni ko‘paytirishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshiriladi.

2022-yil 1-apreldan:

  • aholi tomonidan Ichki ishlar vazirligi va Davlat ekologiya qo‘mitasining maxsus axborot tizimiga yuborilgan, daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha huquqbuzarliklar haqidagi fotosurat va videoyozuvlar maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarliklar holatlari aks ettirilgan fotosurat va videoyozuvlarga tenglashtiriladi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi;
  • huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi fotosurat va videoyozuvlarni yuborgan shaxslar har bir tasdiqlangan holat bo‘yicha huquqbuzardan undirilgan mablag‘lar hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravariga teng miqdordagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.
  • Huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi xabarlar “102” tezkor qisqa raqami yoki “Ekonazorat” axborot tizimi orqali qabul qilinadi.

2022-yil 1-sentabrgacha “Yashil makon” platformasi ishga tushiriladi.

2022-yil 1-martdan:

  • daraxt va butalarning zararkunandalari hamda kasalliklariga qarshi kurashish tadbirlariga mahalliy byudjetlar qo‘shimcha manbalarining 2 foizigacha miqdordagi mablag‘lar ajratiladi;
  • o‘simliklar dunyosi ob’ektlari davlat kadastri tarkibida respublikaning barcha hududlaridagi va har qanday turdagi daraxtlarning hisobini yuritish hamda ularni biriktirish uchun “Daraxtlar reyestri” tizimi joriy etiladi.
  • Shuningdek, ko‘kalamzorlashtirish ishlarida alohida tashabbus ko‘rsatgan shaxslarni “Tabiat himoyachisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash amaliyoti joriy etiladi.

Farmonga ko‘ra, respublikadagi davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar quyidagi tartibda to‘liq raqamlashtirish yo‘li bilan xatlovdan o‘tkaziladi:

  • 2023-yil 1-martgacha – Toshkent shahri, Toshkent, Samarqand, Farg‘ona, Namangan, Andijon va Jizzax viloyatlari bo‘yicha;
  • 2023-yil 1-sentyabrgacha – Qoraqalpog‘iston Respublikasi va respublikaning boshqa viloyatlari bo‘yicha.

Farmon bilan shuningdek, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi huzurida “Yashil hudud” davlat unitar korxonasi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi hududiy korxonalari tashkil etildi.