Kecha, 31-dekabr kuni Farg‘ona viloyati, Uchko‘prik tumanidagi hammomda gaz-havo chaqnashi sodir bo‘ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: FVV axborot xizmati

Soat 17:00da tumanning Qorayantoq qishlog‘ida joylashgan hammomda gaz-havo aralashmasining chaqnashi yuzaga kelgan. Oqibatda hammom binosining tom qismi qulab tushgan.

Voqea joyiga viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining yong‘in-qutqaruv guruhi zudlik bilan yetib borib, qidiruv-qutqaruv ishlarini olib borgan. Afsuski, ushbu hodisa oqibatida uch nafar fuqaro voqea joyida vafot etgan, to‘rt nafar fuqaro turli darajada tan jarohati olib, tuman shifoxonasiga joylashtirilgan.

Shuningdek, hodisa joyiga FVB, IIB, SSB, Prokuratura va boshqa tegishli xizmat xodimlari yetib borgan. Mazkur holat yuzasidan dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Marg‘ilonda nosoz elektr kabel sabab sodir bo‘lgan yong‘inda uy egasi halok bo‘lgani haqida xabar bergandik.