“Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.

Foto: Sputnik

Farmonga ko‘ra, mamlakat miqyosida daraxtzorlarni ko‘paytirishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshiriladi.

Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytiriladi.

Moratoriy davrida amaldagi cheklov va majburiyatlar bilan birga qo‘shimcha ravishda:

  • huquqbuzarlarga:
    • moratoriy talablarini buzganlik uchun ma’muriy jarimalar miqdori 5 baravarga;
    • daraxtlar va butalarni noqonuniy kesish va shikastlantirish bilan o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar uchun undirish summalari 2 baravarga oshirilgan holda qo‘llaniladi;
  • moratoriy talablarini buzgan qurilish-pudrat tashkilotlarining “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi darajasi (reyting bahosi) bir pog‘ona pasaytiriladi. Bunda:
    • darajasi bir pog‘ona pasaytirilgan qurilish-pudrat tashkilotlari 1 yil mobaynida darajasini ko‘tarish imkonidan mahrum bo‘ladi;
    • darajasini bir pog‘onaga pasaytirish imkoni bo‘lmagan qurilish-pudrat tashkilotlari 1 yil muddatga qurilish-pudrat tashkilotlari elektron reytingidan to‘liq chiqarib tashlanadi;
    • yangi quriladigan, balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan bino va inshootlarni loyihalashtirishda ularga tutash hududlarning ko‘kalamzorlashtirish (daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni ekish) maydonlari loyiha uchun ajratiladigan yer uchastkalari umumiy maydonining 25 foizidan kam bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi (ekspluatatsiya muddatini o‘tab bo‘lgan va ma’nan eskirgan bino va inshootlarni renovatsiya qilish bundan mustasno);
    • davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarini kesish, kundakov qilish, shikastlantirish yoki yo‘q qilishni nazarda tutuvchi ko‘rsatmalarni o‘z ichiga olgan hukumat farmoyishlari, bayonnomalar, yozma topshiriqlar, idoraviy hujjatlar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining ko‘rsatmalari va qarorlarini qabul qilish qat’iyan taqiqlanadi.