Foto: Sof.uz

Oʻzbekistonda soʻnggi vaqtlarda qor kam yogʻayotgani ammo havoning keskin soviyotgani sababini “Oʻzgidromet” mutaxassislari tushuntirib berishdi.

“Oʻzgidromet” mutaxassislar fikricha, Oʻzbekistondagi ob-havoni – hududga shimoliy yarim shar yoki janubiy yarim shardagi moʼtadil kengliklardan kirib kelayotgan havo oqimlari belgilaydi.

Qish mavsumida Oʻzbekiston hududiga Rossiyaning Yevropa hududidan, Uraldan va baʼzida hatto Gʻarbiy Sibirdan sovuq havo kirib turadi. Shu bilan birga qish vaqtida janubiy yarim shardan issiq havo oqimlari kirib kelib, birdan havo isib ketishi ham kuzatiladi.

Yoz mavsumida esa, Oʻzbekiston hududiga asosan janubdan issiq havo oqimlari kiradi.

Undan tashqari, Oʻzbekistonda iqlim oʻzgarishi ham Yer sharining boshqa joylariga nisbatan tezroq amalga oshmoqda. Xususan, 1880 yildan boshlab Yer shari boʻyicha oʻrtacha havo harorati har 10 yilga 0,06 daraja tezlikda koʻtarilib kelmoqda. Oʻzbekistonda esa ushbu koʻrsatgich tez surʼatlarida amalga oshmoqda. Xususan 1951 yildan 1997 yilgacha boʻlgan davrda harorat 10 yilda 0,12 daraja tezlikda koʻtarilgani qayd etilgan.

Oxirgi 15 yil ichida eng sovuq va yogʻingarchilik koʻp boʻlgan qishlar harorat oʻrtacha iqlimiy koʻrsatkichlardan 3-4 darajaga past boʻlgan 2007-2008 va 2011-2012 yillarga toʻgʻri kelgan. Oʻshanda Toshkent shahrida ayrim kunlarda tungi harorat 17-17 daraja sovuqqacha, kunduzi 8-3 daraja sovuqqacha tushib ketgani qayd etilgan, deyiladi xabar so’ngida.