Joriy yilning 28-dekabr kuni Vazirlar Mahkamasi “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini rag‘batlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorni qabul qildi.

mahalla oila mfy
Foto: Sof.uz

Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari etib belgilangan:

  • fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining yillik mehnatga haq to‘lash jamg‘armasining (moddiy rag‘batlantirish maxsus jamg‘armasi mablag‘larini inobatga olmagan holda) 10 foizi miqdoridagi byudjet mablag‘lari;
  • xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari qarorlariga asosan ajratiladigan mahalliy byudjetlar qo‘shimcha manbalarining 3%i miqdoridagi ajratma;
  •  fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining mol-mulkini belgilangan tartibda ijaraga berishdan olingan mablag‘lar;
  • homiylik mablag‘lari;
  •  qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini rag‘batlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. U quyidagilarni nazarda tutadi:

  •  Jamg‘arma mablag‘larining shakllantirishning asosiy manbalari va ushbu mablag‘lardan foydalanishning maqsadi;
  • Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan xodimlarga har oylik ustamalar belgilash va to‘lash, shuningdek, ularni mukofotlash va ijtimoiy himoya qilish tartibi;
  •  tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tomonidan Jamg‘arma mablag‘larining hisobi va hisobotini yuritish, Jamg‘arma mablag‘laridan oqilona va maqsadli foydalanilishini nazorat qilish.

Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan shaxsiy va rag‘batlantiruvchi ustamalar to‘lash Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-avgustdagi “Fuqarolar yig‘inlari faoliyati samaradorligini baholashning reyting tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.

Xususan, xodimlar reyting tizimiga asosan kelgusi chorak davomida 50 dan 100 foizgacha har oylik ustamalar oladilar.