Afg‘onistondan 134 nafar talaba o‘qishini davom ettirish uchun Surxondaryo viloyati Termiz shahriga yetib keldi, deb xabar bermoqda Sputnik.

Foto: RIA Novosti

Qayd etilishicha, Afg‘oniston uchun mutaxassislar tayyorlaydigan Termiz ta’lim o‘quv markazi direktori Oybek Ro‘ziyev ma’lumotni tasdiqlagan.

“Afg‘onistondan 134 nafar talaba o‘qishini davom ettirish uchun keldi. Kayfiyati a’lo. Ta’tildan so‘ng o‘qishlar boshlanadi”, degan u.

Termizda afg‘onistonliklar ikki mutaxassislik — o‘zbek tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi va temiryo‘l qurilishi va ekspluatatsiyasi yo‘nalishlarida tahsil oladi. O‘qish puli paritet asosida to‘lanadi.

2021-yilgi o‘quv mavsumida Afg‘onistondagi siyosiy vaziyat keskinlashuvi sabab birinchi kurs talabalari o‘qishga qabul qilinmagandi. Lekin hozirda O‘zbekiston va Afg‘oniston rasmiylari o‘rtasida kelishuvga erishilgan va 2022-yilda yana 100 nafarga yaqin afg‘onistonlik Termizga keladi.