Jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch shahar sudida 1995-yil Urganch shahrida tug‘ilgan, millati o‘zbek, ma’lumoti o‘rta-maxsus, muqaddam bir necha bor sudlangan va vaqtincha ishsiz bo‘lgan fuqaro K.B.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 1411-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan ish ko‘rib chiqildi. Bu haqda Oliy sudning axborot xizmati xabar berdi.

Foto: RIA Novosti

Sudlanuvchi K.B. fuqaro X.S. bilan turmush qurib, uning bokira emasligini bilgach, kelinning qarindoshlariga xabar qiladi va yashash uyining yotoqxonasida bir guruh ayollar tomonidan X.S.ning bokiraligi tekshirilayotganini bilib, jarayonni videotasvirga tushirib, videoda go‘yoki uni axloqi buzuqlikda ayblagan.

Shundan so‘ng, sudlanuvchi K.B. 2020-yilning oktabr oyida tanishi G.R.ning “Instagram” tarmog‘iga ulanib olib, mast holatda uning sahifasiga videotasvirni joylaydi.

2020-yil 1-noyabr kuni esa videotasvirni “Telegram” ijtimoiy tarmog‘i orqali tanishiga jo‘natib, X.S.ning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uning roziligisiz tarqatib, qasddan shaxsiy hayot daxlsizligini buzish jinoyatini sodir etgan.

Sud B.K.ning sudda o‘z aybiga qisman iqrorligini, jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatmalarini eshitib, jinoyat ishi hujjatlarini o‘rganib chiqib va ishda mavjud bo‘lgan dalillarga baho berib hukm chiqardi.

Unga ko‘ra, K.B. JKning 1411-moddasi (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi va Jinoyat kodeksining 60,61-moddalari tartibida, uzil kesil yashash joyidan sutkaning soat 22:00dan 08:00ga qadar chiqishni cheklashdan iborat 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.