Hukumat qarori bilan O‘zbekiston fuqarolarini doimiy yashash joyi va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Foto: Google

Fuqarolarni doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish, bekor qilish va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish xizmatlari migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari, davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona ijtimoiy davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi.

Ro‘yxatga olish uchun taqdim qilinadigan hujjatlar ro‘yxatidan uy-joy hujjatlari chiqarib tashlandi. Doimiy ro‘yxatga olish rasmiylashtirilganda QR-CODE bilan himoyalangan qayd varag‘i beriladi.

Fuqaroning doimiy ro‘yxatga olinishini bekor qilish asoslari belgilandi:

  • bir manzildan boshqa manzilga ro‘yxatga olinganda;
  • mulkdor arizasiga ko‘ra;
  • mulkdor o‘zgarganda;
  • sudning fuqaroni uy-joydan foydalanish huquqini yo‘qotgan, shaxsni bedarak yo‘qolgan deb topish va ko‘chirish haqidagi qarori asosida;
  • fuqaro xorijga doimiy yashashga ketganida;
  • soxta hujjatlar asosida ro‘yxatga olinganlik aniqlanganda;
  • umrbod ozodlikdan mahrum etilganda;
  • vafot etganda.

Nizom Toshkent shahri va Toshkent viloyati uchun tatbiq etilmaydi.