Prezident qarori bilan Muhammadiyev Aktam Zayniddinovich adliya vazirining o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Foto: Google

A. Muhammadiyev 1977-yilda Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida tug‘ilgan, ma’lumoti oliy, 1999-yilda Toshkent davlat yuridik instituti bakalavriat, 2001-yilda magistratura bosqichini tamomlagan, mutaxassisligi huquqshunos.

A. Muhammadiyev o‘z mehnat faoliyatini 2001-yilda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yetakchi maslahatchisi lavozimidan boshlab, vazirlikning turli mas’ul lavozimlarida ishlagan.

2017-yildan bugungi kunga qadar Toshkent viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.

“Adliya vazirligi jamoasi Muhammadiyev Aktam Zayniddinovichni ushbu tayinlov bilan tabriklaydi va ularning kelgusi ishlarida, mas’uliyatli lavozimlarida muvaffaqiyat tilaydi”, – deyiladi vazirlik xabarida.