O‘zbekiston va Turkmaniston qishloq xo‘jaligi pestitsidlari va kimyoviy moddalardan xavfli ifloslanish sabab Erondan katta miqdordagi kartoshka importini bekor qildi. Bu haqda Iran International nashri xabar bermoqda.

Foto: O’zA

Razaviy Xuroson viloyatining Mashhad shahri Meva va sabzavotlar assotsiatsiyasi rahbari Geydar Sakenborjining ma’lum qilishicha, importning bekor qilinishiga asosan past sifatli pestitsidlardan foydalanilgani sabab bo‘lgan.

Uning tushuntirishicha, hosil yig‘ib olingach qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining katta qismi ma’lum muddatga karantinga joylashtirilishi kerak bo‘lgan. Bu tabiiy usulda pestitsidlar zararini kamaytiradi, biroq Eronda foydalaniladigan pestitsidlar meva va sabzavotlarda uzoq muddat saqlanib qolmoqda.

“Tekshiruvlarga ko‘ra, mazkur qishloq xo‘jaligi mahsulotlarida foydalanilgan pestitsidlar Xitoydan olib kelingan”, deydi Sakenborji. Shuningdek, u mazkur pestitsidlar zaruriy standart va sifat talablariga javob bermasligini taxmin qilgan.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Eronga 3,5 ming tonnaga yaqin kartoshkani qaytargan va yana 775 tonnasini yo‘q qilgan.

Yaqinda Tehrondagi savdo vakil qator mamlakatlar Eronda yetishtirilgan meva va sabzavotlar importini taqiqlaganini ma’lum qilib, Hindiston, Rossiya, O‘zbekiston, BAA, Ummon, Qatar va boshqa davlatlar Eron tomonidan berilgan sertifikatlarni endi qabul qilmayotganini ta’kidlagan edi.

Ma’lumot uchun, 2020-yilda Eron 6,5 milliard dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilgan.