29-dekabr kuni 11 yoshli ikki nafar bola Nukus shahri “Janabazar” hududidagi Qosko‘l drenaj ko‘lida muz o‘rtasida qolib ketgan. 

Foto: Sputnik

Joriy yilning 29-dekabr kuni soat 16:45da Qoraqalpog‘iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining navbatchilik qismiga Nukus shahri yaqinida joylashgan “Qosko‘l” ko‘li o‘rtasida ikkita voyaga yetmagan bolaning qolib ketganligi to‘g‘risida shu yerdan o‘tib ketayotgan guvoh orqali shoshilinch xabar kelib tushgan.

Dastlabki xabarni qabul qilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qutqaruvchilari bolalarni qutqarish uchun voqea joyiga tezkorlik bilan yetib borishgan.

Ma’lum bo‘lishicha, ko‘l o‘rtasida ikki nafar voyaga yetmaga yigitlar muz ustida o‘ynayotgan vaqtida muz yorilib, ikki voyaga yetmagan suvga tushib ketgan. Sovuq suvda o‘zlarini yo‘qotmagan bolakaylar muzlagan suvdan chiqib olib, ko‘l o‘rtasidagi orolchada qolib ketishgan. Muz yorilganligi tufayli bolalarning ortga qaytish imkoni bo‘lmagan.

FVB xodimlarining tezkor harakatlari natijasida orolchada qolib ketgan bolalar qirg‘oqqa olib o‘tilib, voqea joyida ularga birinchi tibbiy yordam berilgan va malakaviy yordam ko‘rsatish uchun shifoxonaga yuborilgan.