30-dekabr kuni Telegram’dagi ayrim kanallarda Yo‘l harakati xavfsizligi xodimining niqob taqish majburiyati bekor qilinganini aytgan videosi e’lon qilindi.

Foto: Skrinshot

Videoda YHX xodimi nima uchun niqob taqmasdan yurgani bo‘yicha berilgan savolga “niqob taqish 1-noyabrdan ‘otmen’ bo‘lgan”, deya javob bergan.

Qayd etilishicha, bugun, 30-dekabr kuni soat 10:30larda Toshkent viloyati, Ohangaron tumani hududidan o‘tuvchi A-373 avtomobil yo‘lining 143-kilometrida YPX xodimi I.Xusanov tomonidan “Lacetti” rusumli avtomobil haydovchisi to‘xtatilgan. O‘zaro muloqot jarayonida ushbu avtomobil yo‘lovchisi tomonidan, YPX xodimi tibbiy niqob taqmaganligi bo‘yicha e’tiroz bildirilganda, xodim tibbiy niqob taqish majburiyligi bekor qilinganligini ta’kidlab, fuqaroga noto‘g‘ri ma’lumot yetkazgan.

“O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi tomonidan tibbiy niqobni taqib yurish majburiy emasligi bo‘yicha hech qanday qaror e’lon qilinmagan”, – deyiladi YHXBB xabarida.

Ma’lum qilinishcha, hozirda YPX xodimi I. Xusanovga nisbatan Toshkent viloyati IIBB tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.