“Xorazm hududiy elektr tarmoqlari” AJ sobiq rahbari Muratbay Bazarimbetov 2020-yil  24-dekabr kuni pora olganlikda gumonlanib, huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan ushlangan edi. Viloyat sudining ma’lum qilishicha, sobiq bosh rahbar 8 yilga qamaldi.

Foto: Gazeta

Ma’lum bo‘lishicha, viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida “Xorazm hududiy elektr tarmoqlari” AJ bosh direktori lavozimida ishlagan Bazarimbetov va jamiyatning davlat va shartnomaviy xizmatlarni ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan K.B.ga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha xiva shahar sudining 2021-yil 9-iyuldagi hukmi yuzasidan berilgan apellyatsiya shikoyati ko‘rib chiqilgan.

Birinchi instantsiya sudining hukmiga ko‘ra, sobiq rahbarga Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) 3-qismi “a” bandi bilan kodeksning 45-moddasi qo‘llanib, 3 yil davlat ishtirokidagi korxona va tashkilotlarda moddiy javobgar shaxs hamda mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 57-modda qo‘llanib, 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan va jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.

Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchilar oldindan jinoiy til biriktirib, guruh bo‘lib, Tuproqqal’a tumani Sorimoy posyolkasida yangidan tashkil qilinayotgan “B.A.M.” MChJga qarashli avtomobillarga siqilgan gaz quyish shoxobchasi uchun o‘rnatiladigan transformator punktini 6–10 kilovatli elektr liniyasiga yaqin tayanchdan ulab berish bo‘yicha murojaat qilganidan foydalanib, K.B. tadbirkorning ushbu murojaatini natijasi to‘g‘risida so‘ragan Z.A.ga ishini ijobiy hal qilib byerishini, buning evaziga tadbirkordan 15 000 dollar olib berishini aytgan.

K.B. xonqa tuman hududida Z.A.dan “Nexia-3” rusumli avtomashinasi salonida 15 000 dollarni Bazarimbetovga pora tariqasida olib borib berish uchun olgan vaqtida ushlanib, pora olish jinoyatini sodir qilishda ishtirokchilik qilgan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan davom ettirilgan tadbir natijasida sobiq rahbar o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda K.B. bilan oldindan jinoiy til biriktirib, Z.A.dan K.B. orqali 15 000 dollarni tamagirlik yo‘li bilan pora tariqasida olgan vaqtida ushlangan.

Ma’lumot uchun, Bazarimbetov 1969-yil Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida tug‘ilgan, millati qoraqalpoq, ma’lumoti oliy, muqaddam sudlanmagan, oilali, 4 nafar farzandning otasi. K.B. 1991-yil Xorazm viloyatining Xiva shahrida tug‘ilgan, millati o‘zbek, ma’lumoti oliy, muqaddam sudlanmagan, oilali, 3 nafar farzandning otasi.

Avvalroq, Jizzax viloyati hokimining sobiq o‘rinbosari Akram Rahmonqulov 7,5 yilga qamalgani haqida xabar bergandik.