Joriy yilning mart oyida Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi Ahmad Donish ko‘chasidagi avtomobil yo‘lining 500 metr qismida 40-50 sm.gacha cho‘kish holati yuzaga kelganligi tufayli, ushbu hududda transport vositalarining harakati vaqtincha cheklangan edi.

Foto: Google

Davlat xavfsizlik xizmati hamda Prokuratura organlarining o‘rganishlari natijasida mazkur holat yuzasidan quyidagilar aniqlandi.

Xususan, mutasaddi tashkilotlar tomonidan “Yunusobod-Turkiston” yer osti metro konstruksiyasining atrofini va yon qismlarini tuproq bilan qayta to‘ldirish va zichlash ishlari sifatli bajarilmaganligi, texnik nazorat talab darajasida olib borilmaganligi hamda avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilishda loyihalashtirish ishlari noto‘g‘ri olib borilganligi sababli yuqoridagi cho‘kish holati yuzaga kelib, natijada davlatga 4,5 mlrd. so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

Hozirda holat bo‘yicha Respublika Transport prokuraturasi tomonidan Toshkent metropoliteni liniyalarini qurish direksiyasi va Toshkent shahar hokimligi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 207-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, Ahmad Donish ko‘chasida yuzaga kelgan holatni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddi idoralar tomonidan tegishli chora-tadbirlar tashkil etilmoqda.