Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Farhod Arziyev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Avvalroq, Farhod Arziyev vakant bo‘lib turgan O‘zbekistonning Xitoydagi elchisi lavozimiga tayinlanishi kutilayotgani haqida xabar bergan edik.
Ma’lumot uchun, Farhod Arziyev 1975-yil 5-oktabr kuni Samarqand viloyati (hozirgi Navoiy viloyati) Nurota tumanida tug‘ilgan. 1997-yilda Toshkent davlat universitetini, 2000-yilda Buyuk Britaniyaning London “City” universitetini tamomlagan. 2011-yilda AQShning Kentukki universitetining Patterson nomidagi Diplomatiya va xalqaro savdo maktabini tamomlagan. Rus, ingliz va nemis tillarini biladi.
U 2017-2020 – O‘zbekiston Respublikasining Hindiston Respublikasi va Bangladesh Xalq Respublikasidagi (qarorgohi Dehli shahrida) Favqulodda va Muxtor Elchisi lavozimida faoliyat yuritgan.
U 2020-yil 25-fevralda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.