O‘zbekistonlik Nodirbek Abdusattorov Polsha poytaxti Varshavada shaxmatning rapid yo‘nalishi (tezkor shaxmat) bo‘yicha jahon chempionatida g‘olib bo‘ldi.

Foto: Davletovuz

Kecha, 28-dekabr kuni turnirda 4ta tur o‘tkazildi.

17 yoshli shaxmatchi Abdusattorov dastlab sensatsion ravishda amaldagi jahon chempioni Magnus Karlsenni mag‘lubiyatga uchratdi va uni yaqqol yetakchilik imkoniyatidan mahrum etdi. Keyingi turlarda Vladimir Fedoseyev, Gukesh Dommaraju, Yan-Kshishtof Duda kabi shaxmatchilarga qarshi dramatik bahslarda durang qayd etildi.

13ta partiyadan so‘ng Abdusattorov, Yan Nepomnyashiy, Magnus Karlsen va Fabiano Karuana bir xil — 9,5 ochko to‘pladi. 

Qo‘shimcha natijalarga ko‘ra, g‘oliblik Abdusattorov va rossiyalik Nepomnyashiy o‘rtasidagi tay-brekda aniqlanadigan bo‘ldi. Dastlabki partiyada kuchlar teng keldi, keyingi partiyada Nodirbek g‘alaba qozonib (1,5-0,5), jahon chempioniga aylandi.

Mukofot jamg‘armasi 1 mln dollar bo‘lgan turnirda (rapid va blits) g‘olib shaxmatchi 60 ming dollarni qo‘lga kiritadi.

Abdusattorov 13 tur davomida Fabiano Karuana, Levon Aronyan, Radoslav Voytashek, Boris Gelfand va Magnus Karlsenni (jahon chempioni) mag‘lub etgan, Yan Nepomnyashiy, Aleksandr Grishuk, Vladimir Fedoseyev, Gukesh Dommaraju, Yan-Kshishtof Duda bilan durang o‘ynagandi.

U rapid yo‘nalishida jahon chempioni bo‘lgan eng yosh shaxmatchi sifatida tarixga kirdi.

29-30 dekabr kunlari blits yo‘nalishidagi bahslar ham bo‘lib o‘tadi.

Prezident tabrigi

Shavkat Mirziyoyev jahon chempioni Nodirbek Abdusattorovga tabrik yo‘lladi.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning ma’lum qilishicha, davlatimiz rahbari Sankt-Peterburgdagi sammitdan Toshkentga qaytayotgan samolyotda tezkor shaxmat bo‘yicha jahon chempionatini katta qiziqish bilan onlayn kuzatib borgan.

Shavkat Mirziyoyev shaxmatning rapid yo‘nalishi bo‘yicha yangi va eng yosh jahon chempioniga aylangan Nodirbek Abdusattorovga o‘zining eng samimiy tabriklarini yo‘llagan hamda uning ota-onasi va murabbiylariga minnatdorlik bildirgan.

Ma’lumot uchun, Nodirbek Abdusattorov 2004 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan, 2017 yilda, 13 yoshida grossmeyster bo‘lgan (13 yosh-u 1 oy). U 2012 yilda Sloveniya poytaxti Maribor shahrida o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida o‘z yosh toifasida (8 yoshgacha) tengsiz bo‘lgandi.