“Ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e’lon qilindi.

Foto: Kazinform

“Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunning 5- va 10-moddalaridagi fermer xo‘jaligi faoliyati uchun ajratiladigan yer maydonlari toifalari va hajmi “Yer uchastkalarini ajratish va ulardan foydalanish, shuningdek yerlarni hisobga olish va davlat yer kadastrini yuritish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga asosan qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiqlashtirilmoqda.

Prezidentning “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunning 11-moddasida belgilangan fermer xo‘jaliklari yuritish uchun yer uchastkalari berish tartibidan tuman hokimlarining yer maydonlarini ajratish hamda ajratishni rad etish bilan bog‘liq normalar va mexanizmlar chiqarib tashlanmoqda.

“Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunning 5-, 17-, 25- va 32-moddalarida fermer xo‘jaligiga yuklatilgan quyidagi 9 ta majburiyat ushbu qonundan chiqarib tashlanmoqda:

  • yer uchastkalari berilganda qishloq xo‘jalik ekinlarining hosildorligi (uch yil uchun o‘rtacha yillik hosil hisobida) qonunchilikda belgilangan normativ hosildorlikdan kam bo‘lmasligini ta’minlash majburiyati – qonunning 5-moddasi;
  • agar ijaraga olish shartnomasida boshqa muddat belgilangan bo‘lmasa, yer uchastkasi berilgan vaqtdan e’tiboran bir yil ichida undan foydalanishga kirishish majburiyati – qonunning 17-moddasi;
  • tuzilgan kontraktatsiya shartnomalariga muvofiq davlat ehtiyojlari uchun qishloq xo‘jaligi mahsuloti nazarda tutilgan hajmlarda yetkazib berilishini ta’minlash majburiyati – qonunning 17-moddasi;
  • suv resurslaridan suv iste’moli to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiq foydalanishi, suvni tejash, suv resurslaridan maqsadli va oqilona foydalanish chora-tadbirlarini ko‘rish majburiyati – qonunning 17-moddasi;
  • fermer xo‘jaligi a’zo bo‘lgan suv iste’molchilari uyushmasi balansida turgan sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlarini tozalash va ta’mirlashda belgilangan tartibda ishtirok etishi, shuningdek ularni texnik jihatdan soz holatda saqlashi, ulardan foydalanishning belgilangan qoidalariga rioya etishi majburiyati – qonunning 17-moddasi;
  • mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini, o‘z xodimlari, shu jumladan fermer xo‘jaligida mehnat qiladigan oila a’zolari, vaqtincha (mavsumiy) yollanadigan fuqarolar uchun xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’minlash majburiyati – qonunning 17-moddasi;
  • qishloq xo‘jaligi o‘simliklarining zararkunandalar, kasalliklar va begona o‘tlardan muhofaza qilinishini ta’minlash majburiyati – qonunning 17-moddasi.

Shuningdek, fermer xo‘jaliklariga majburiyatlar faqat qonun orqali berilishi lozimligi, qonunosti hujjatlarida ularga majburiyat yuklatilishi maqsadga muvofiq emasligi asoslangan holda qonunning 17-moddasi ikkinchi qismiga o‘zgartish kiritilmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi orqali fermer xo‘jaliklarini tashkil etish, ularga yer maydonlarini ajratish, bunda ajratiladigan yer maydonlarining toifasi va hajmi bo‘yicha qonun hujjatlari o‘zaro muvofiqlashtiriladi, ularni aniq va bir xilda qo‘llash imkoniyati yuzaga keladi. 

Fermer xo‘jaliklariga yuklatilgan majburiyatlar kamaytiriladi va optimallashtiriladi, natijada fermer xo‘jaliklari faoliyatiga davlat aralashuvi keskin qisqartiriladi, ularning mustaqilligi ta’minlanadi hamda o‘zlarining ishlab chiqarish faoliyatidan iqtisodiy manfaatdorligi oshadi.