Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi qurilish obyektida ikkita artilleriya aslahasi topilgani to‘g‘risidagi video tarqalgan edi. Poytaxt IIBB matbuot xizmati mazkur holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Foto: Toshkent shahar IIBB

Qayd etilishicha, kecha, 27-dekabr kuni 102 raqamiga 26 yoshli qashqadaryolik Shuhrat T.dan xabar kelib tushgan. Uning aytishicha, tanishi 29 yoshli Aliakbar M. bilan birgalikda Yakkasaroy tumanida qurilayotgan obeykt hududida shubhali, artilleriya aslahalariga o‘xshash zanglagan buyumlar topgan. U fuqarolik mas’uliyatidan kelib chiqib tezkor xizmatlarga xabar bergan.

Ko‘rsatilgan manzilga Toshkent shahar IIBB xodimlari O‘zbekiston Respublikasi IIVning maxsus mutaxassislari bilan birgalikda yetib kelgan. Tekshiruv o‘tkazilgach, topilgan buyumlar o‘quv mashg‘ulotlari davomida foydalanishga mo‘ljallangan ikkita 115 mm.lik o‘quv snaryadi va ikkita 82 mm.lik o‘quv minomyoti ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holat bo‘yicha o‘rganish ishlari davom etmoqda.