So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston fuqarolarini noqonuniy yo‘llar bilan Amerika Qo‘shma Shtatlariga yuborishga urinish holatlari kuzatilmoqda.

Foto: Tergov departamenti axborot xizmati

Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ana shunday holatga chek qo‘yildi.

Tadbir davomida Samarqand tumanida yashovchi, 1985- va 1991-yillarda tug‘ilgan 2 nafar shaxs Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi 2 fuqaroni Amerika Qo‘shma Shtatlariga yuborish uchun ularning har biridan 30 mingdan, jami 60 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 20 ming dollar olgan vaqtlarida ushlandi.

Aniqlanishicha, ularni “O‘zbekiston-Turkiya-Boliviya-Kolumbiya-Meksika-AQSh” yo‘nalishi orqali Qo‘shma Shtatlarga yuborish rejalashtirilgan.

Shuningdek, ularga yo‘lga chiqishdan avval PSR-test ma’lumotnomasiga va hisobida 4 ming AQSh dollari bo‘lgan VISA-kartaga ega bo‘lishlari kerakligi hamda har bir davlat hududida ularni kuzatib qo‘yuvchi shaxslarning talablarini, jumladan, Amazonka daryosining Kolumbiyadan oqib o‘tuvchi qismidan va Meksikaning o‘rmonlaridan o‘tib olish bo‘yicha talablarini bajarishlari zarurligi tushuntirilgan.

Bundan tashqari, tadbir davomida hibsga olingan shaxslarda 60 nafardan ortiq fuqarolarning pasport nusxalari borligi ham aniqlandi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddasiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.