2022-yilda qishloqni tuman markazi bilan, tuman markazini viloyat markazi bilan bog‘laydigan jami 310 ta yangi avtobus yo‘nalishi ochiladi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Transport vazirligi rahbariyati va mutasaddilari ma’lum qilindi.

Foto: Transport vazirligi axborot xizmati

Qayd etilishicha, hududlarda aholiga jamoat transportida xizmat ko‘rsatish sohasini yanada yaxshilish maqsadida 2021-yil 8-oktabrda “Hududlarda jamoat transporti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 630-son Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, 2021-2022 yillarda qishloqni tuman markazi bilan, tuman markazini viloyat markazi bilan bog‘laydigan jami 310 ta yangi avtobus yo‘nalishlari (shundan shahar – 60 ta, shahar atrofi – 193 ta, shaharlararo (viloyat ichida) – 57 ta) tashkil etiladi.

Tashuvchilarga norentabel yo‘nalishlar bo‘yicha tegishli hududiy komissiyalar tomonidan subsidiya ajratiladi.