Hozirda mazkur holatlar bo‘yicha Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Foto: Tergov departamenti axborot xizmati

DXXning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Samarqand-Beruniy” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Cobalt” rusumli avtomashina Xorazm viloyatidagi “Sarimoy” yo‘l-patrul xizmati maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan.

Natijada, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, To‘rtko‘l tumanida yashovchi, 1981 y.t., muqaddam ikki marotaba sudlangan fuqaro yonida 1 kg. “geroin” giyohvand moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur giyohvand modda tojikistonlik narkokuryerlar tomonidan Samarqand viloyatining Urgut tumani hududiga kontrabanda yo‘li bilan o‘tkazilgan.

Shuningdek, DXXning Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Xovos tumanida yashovchi, 2000- va 2002-yillarda tug‘ilgan 2 nafar fuqaro “o‘zbek-tojik” davlat chegarasi hududida to‘xtatilib, tekshirilganda, ularning yonida 1 kg 815 gr. “gashish” giyohvand moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.

Aniqlanishicha, ular qo‘shni davlat hududiga noqonuniy o‘tib, tojikistonlik tanishlaridan narkotik moddani olib, O‘zbekistonga qaytishgan.

Tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu narkotikning buyurtmachisi, 1985 y.t., muqaddam sudlangan shaxs ham qo‘lga olingan.

DXXning Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlarining viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirida esa “Andijon-Namangan” yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan, Uychi tumanida yashovchi, 1979 y.t. fuqaro boshqaruvidagi “Nexia” rusumli avtomashina “Norin” yo‘l-patrul xizmati maskanida to‘xtatildi.

Avtomashina ko‘zdan kechirilganda, uning salonida 942 gr. “gashish” giyohvand moddasi borligi aniqlanib, o‘rnatilgan tartibda olib qo‘yilgan.

Aniqlanishicha, ushbu “gashish” moddasi qirg‘izistonlik narkokuryerlar tomonidan Andijon viloyatiga olib o‘tilgan.

Hozirda mazkur holatlar bo‘yicha Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.