O‘zbekiston milliy jamoasining sobiq futbolchisi Nikolay Shirshov 47 yoshida olamdan o’tdi. Bu haqda “Rostov” klubi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Rostov FK

“Nikolay Vladimirovich “Rostov” klubida 5 yil davomida 100dan ortiq o‘yinlar o‘tkazdi. Futbolchilik faoliyatini yakunlaganidan keyin ham Rostovda qolishga qaror qilgan va shu yerda yashayotgan edi.

“Rostov” klubi Nikolay Shirshovning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardligini bildiradi”, – deyilgan xabarda.

Uning o‘limi sabablari hozircha ma’lum emas.

Shirshov katta futboldagi faoliyatini 1991-yilda SSSR quyi ligasida “Sverdlovets” klubida (Toshkent viloyati) boshlagan. Keyingi 8 mavsumni O‘zbekiston chempionatida o‘tkazgan va “Paxtakor”ning asosiy tarkibida o‘ynagan.

1996-yildan 2005-yilga qadar O‘zbekiston milliy jamoasida 63 o‘yinda ishtirok etgan va 13 gol urgan.