Ayol kuniga 2-3 marta tez tibbiy yordam chaqiradi, operatorlarning hammasi uni tanib qolgan, deydi call-markaz bo‘limi mudiri Nasiba Mahmudova Kun.uz muxbiriga.

Foto: Google

“Tez tibbiy yordamga bo‘ladigan har bir chaqiriq qayd etib boriladi. Shunday bemorlar borki, ularni kimligi va qanday kasallik bezovta qilayotganligi yod bo‘lib ketgan kishiga.

Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi ayol 522 marotaba tez tibbiy yordamga murojaat qilgan. 60ga yaqin mavjud operatorlarning barchasi bu ayolni tanib qolishgan. Sababi u har kuni 2-3 bor chaqiriqni amalga oshiradi.

Ba’zi bemorlarga tez tibbiy yordam muhim holatlardagina chaqirilishi kerakligini tushuntirsangiz, ular bizning faoliyatimizdan norozi bo‘lishadi”
, deya Nasiba Mahmudovaning so‘zlarini keltirgan muxbir.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori Doniyor Alimovning so‘zlariga ko‘ra, yangi yilda tez tibbiy yordamga chaqiriqlar soni keskin oshadi.

“Hech kimga sir emaski, Yangi yilda tez tibbiyga chaqiriqlar soni keskin oshadi. Ular asosan ikki holatda: pirotexnika vositalaridan kuyish hamda intoksikatsiya, ya’ni ko‘p ovqat iste’mol qilish natijasida organizmning hazm tizimida muammolar yuzaga kelishi (bo‘kib qolish) natijasida kelib chiqadi.

Shunga mos ravishda poytaxtda bosh markaz, hududlarda 13ta markazlar hamda 180ta sub markazlar ishga shay holatda turadi va kun-u tun faoliyat ko‘rsatadi.

O‘t pufagi va oshqozon-ichak tizimida muammosi bor bemorlar bayram kunlari taomlanish rejimiga amal qilishlari va ortiqcha ovqatlanishdan ehtiyot bo‘lishlari lozim”,
– degan shifokor.