Hukumat qarori (775-son, 27.12.2021 y.) bilan O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy ta’lim muassasalarida o‘qishga nomzodlarni saralab olish va qabul qilish, kursantlarni o‘qishdan chetlashtirish va qayta tiklash tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.

Foto: Google

Nizomga ko‘ra, oliy harbiy ta’lim muassasalari (OHTM)da o‘qishga saralab olish va qabul qilish Mudofaa va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari tomonidan amalga oshiriladi.

Saralab olish tadbirlari quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

  • harbiy-professional yo‘naltirish;
  • dastlabki saralab olish;
  • test sinovlari.

Bir bosqichdan muvaffaqiyatli o‘ta olmagan nomzodlar keyingi bosqichga qo‘yilmaydi.

Nomzodlar yashash joyidagi mudofaa ishlari bo‘limlariga ariza bilan, harbiy xizmatchilar esa xizmat joyidagi tegishli komandir (boshliq) nomiga bildirgi bilan murojaat qiladi.

Arizalar (bildirgilar) qabul yilining 1-fevralidan 31 martigacha (shu kuni ham) qabul qilinadi.

Dastlabki saralab olish tadbirlari quyidagi ikki bosqichda o‘tkaziladi:

  • birinchi bosqich fuqaro yoshlar (talabalar) uchun – mudofaa ishlari bo‘limlarida, harbiy xizmatchilar uchun – xizmatni o‘tash joyida 1 fevraldan 10 aprelgacha (shu kuni ham);
  • ikkinchi bosqich fuqaro yoshlar (talabalar) va harbiy xizmatchilar uchun – mudofaa ishlari boshqarmalari va Mudofaa vazirligining harbiy-tibbiy muassasalarida 11 apreldan 31 maygacha (shu kuni ham).

OHTMga test sinovlarisiz kirish imtiyoziga ega bo‘lgan nomzodlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar qabul yilining 25-iyunigacha Davlat test markaziga taqdim etiladi.

Chet tilini bilish bo‘yicha kamida V2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikat taqdim etganlarga chet tili fanidan to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ball qo‘yiladi hamda ular chet tili fanidan test sinovi topshirmaydi.

OHTMda test sinovlari har yili iyul-avgust oylarida nomzodlar tanlagan hududlarda o‘tkaziladi.

Nizomga ko‘ra shuningdek, kursantlarga o‘qishini bir vazirlik va idoralar OHTMdan boshqa vazirlik va idoralar OHTMga ko‘chirishga ruxsat etilmaydi.

Mazkur nizom:

  • Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasida o‘qishga nomzodlarni saralab olish va qabul qilish tartibiga;
  • Jamoat xavfsizligi universitetida o‘qishga nomzodlarni saralab olish va qabul qilish hamda mazkur universitet kursantlari (talabalari) va tinglovchilarini o‘qishdan chetlashtirish va qayta tiklash tartibiga nisbatan tatbiq etilmaydi.