Toshkent viloyatida ayoldan ularning yozishmalarini tarqatmaslik evaziga pul talab qilgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Sputnik

Shu yilning 23-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi IIV JQBB Uyushgan jinoyatchilikka va qurol bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish bo‘limiga, 1981-y.t., Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida yashovchi, fuqaro R.Z. ariza bilan murojaat qilib, o‘z arizasida Toshkent viloyatida yashovchi “Sherzod” ismli shaxs bilan “Instagram” internet ijtimoiy tarmog‘i orqali tanishib, u bilan ishqiy munosabatda bo‘lganligi, shundan so‘ng ishqiy mazmundagi yozilgan SMS-xabarlarni turmush o‘rtog‘i va yaqin qarindoshlari hamda internet ijtimoiy tarmog‘i orqali tarqatib yuborishlik bilan qo‘rqitib, undan tamagirlik yo‘li bilan 20 000 000  so‘m miqdoridagi pullarni talab qilib kelayotganligini maʼlum qilib, “Sherzod” ismli shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Ushbu arizaga asosan, shu kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida, 1985-y.t., ilgari  O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 177-moddasi bilan 2-qismi sudlangan, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida yashovchi, fuqaro t.Sh., Toshkent viloyati, Chirchiq shahar hududida joylashgan “Atlant” klinikasi oldida ariza muallifi R.Z.dan 20 mln. so‘m miqdoridagi pullarni olgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlandi.

Surishtiruv ishlari davomida, T.Sh. fuqaro R.Z.dan oldin ham tovlamachilik yo‘li bilan 70 mln. so‘m pullarni olganligini va haqiqatan ham uyali telefon apparatida R.Z. bilan o‘zaro ishqiy munosabatdagi yozishmalari mavjudligini  maʼlum qildi.

24-dekabr kuni fuqaro T.Sh.ga nisbatan to‘plangan hujjatlar  va daliliy ashyolar qonuniy chora ko‘rishlik uchun Chilonzor tumani IIO FMBga yuborilib, O‘zbekiston Respublikasi JPKning 224-moddasi tartibida ushlanib, tuman IIO FMB VSʼHga joylashtirilib, tezkor surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.