Jumayev Yo‘ldosh G‘afurovich boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan o‘z arizasiga binoan Buxoro viloyati hokimining o‘rinbosari – viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i lavozimidan ozod qilindi. Bu haqda hokimlikning axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Google

G‘ulomov Ahror Aminovich Buxoro viloyati hokimining o‘rinbosari – viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.

Ahror G‘ulomov 1970-yil 20-dekabrda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti — oliy. 1996-yilda Toshkent davlat universiteti (kunduzgi), 2006-yilda O‘zbekiston Milliy universiteti (sirtqi)ni tamomlagan.

A. G‘ulomov mehnat faoliyatini 1996-yilda G‘ijduvon tumanidagi 1-sonli maktab o‘qituvchisi sifatida boshlab, “Biotexmed” mas’uliyati cheklangan jamiyati mutaxassisi (1997-2001), Yakkasaroy tovar ishlab chiqaruvchilar markazi rahbari (2002), Yakkasaroy tumani tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi raisi (2003-2005), Yakkasaroy tumani Statistika bo‘limi boshlig‘i (2005-2007), Yakkasaroy tumani hokimiyati tashkiliy-nazorat guruhi rahbari (2007-2008), O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashkari Pensiya jamg‘armasi Yakkasaroy tumani bo‘limi boshlig‘i (2008-2011), O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Yakkasaroy tumani bo‘linma boshqaruvi raisi (2011-2013), O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Toshkent shahar bo‘limi boshqaruvi raisi o‘rinbosari (2013-2015), O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Toshkent shahar bo‘limi boshqaruvi raisi (2015-2017), Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Buxoro viloyati Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari (2017-2020) lavozimlarida ishlagan.

U ayni paytga qadar Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi boshqarma boshlig‘i sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.