Bosh vazir o‘rinbosari, Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning o‘g‘li Serdar Berdimuhamedov otasining harakati sabab Turkmaniston bozorlariga yil davomida arzon narxda, yetarli miqdorda mahsulotlar yetkazib berilayotganini aytdi. Bu haqda “Xronika Turkmenistana” xabar berdi.

Foto: RBK

Ma’lum qilinishicha, davlat rahbarining o‘g‘li otasining topshirig‘i bilan viloyatlarga qilgan safaridan so‘ng shunday xulosaga kelgan. 24-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasining majlisida kichik Berdimuhamedov bozorlardagi vaziyat, keng assortimentdagi tovarlar va ularning narxini ta’minlash masalalarini o‘rgangani, ishlab chiqaruvchilar, savdo xodimlari, tadbirkorlar, xaridorlar va jamoatchilik bilan uchrashganini ma’lum qilgan.

Safar chog‘ida u mamlakat peshtaxtalarida “import emas, mahalliy tovarlar ustunlik qilayotgani” va mijozlarga bank o‘tkazmasi orqali xizmatlar ko‘rsatilayotganini qayd etgan. Shu bilan birga, yig‘ilishda so‘zga chiqqan Serdar Berdimuhamedov aholini mahalliy mahsulotlar bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish, ishlab chiqaruvchilarni rag‘batlantirish lozimligini aytgan.

Shuningdek, raqamli tizimni joriy etish orqali savdo xizmatlarini kengaytirish ustida ishlash, eksport qilinadigan mahsulotlar hajmini oshirish, oziq-ovqat mo‘l-ko‘lligi, tovar xilma-xilligi va narxning arzonlashishini ta’minlash bilan bog‘liq masalalarni doimiy nazorat qilib borishni taklif etgan.

Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov 17-dekabr kuni Vazirlar Mahkamasining yig‘ilishida o‘g‘liga hududlarga borib, do‘kon va bozorlarni ko‘zdan kechirib, tovarlar narxi bilan tanishishni topshirgan.