Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida yuzaga kelgan favqulodda hodisa oqibatida zarar ko‘rgan irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini qurish, ta’mirlash ishlari bilan bog‘liq xarajatlar uchun davlat budjetidan 4,4 mlrd. so‘m ajratiladi. Bu bo‘yicha viloyat hokimi tegishli farmoyish berdi.

Foto: Voqea joyi

Farmoyishda qayd etilishicha, Sardoba suv omborida yuzaga kelgan favqulodda hodisa natijasida Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida zarar ko‘rgan irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini qurish, ta’mirlash ishlari (bajarilgan ishlarga asosan) bilan bog‘liq xarajatlarga respublika budjetidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan 3,0 mlrd. so‘m ajratiladi.

Shuningdek, Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi meliorativ ekspeditsiyasiga 1,4 mlrd. so‘m ajratiladi.

Eslatib o‘tamiz, Sardoba suv ombori to‘g‘onining bir qismi 2020-yil 1-may kuni yorilishi oqibatida yirik suv toshqini yuz bergandi. Oqibatda Sardoba tumanidagi “Yurtdosh”, “Do‘stlik” va “Qo‘rg‘ontepa” MFYlari, Mirzaobod tumanidagi “Saxovat”, “Ahillik” va “Shodlik” MFYlari hamda Oqoltin tumanidagi “Do‘ngariq”, “Mirzacho‘l”, “Haqiqat” va “Navbahor” jami 10 ta MFYlaridagi aholi punktlarida turar va noturar mulklar, ijtimoiy soha obyektlari va qishloq xo‘jaligi ekinlariga jiddiy talafot yetdi.