Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Sankt-Peterburg shahridagi vakolatxonasiga asli samarqandlik S.B.dan uni O‘zbekistonga qaytarishda amaliy yordam so‘rab murojaati kelib tushgan.

Footo: Google

Mazkur murojaat bo‘yicha mamlakatimizning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasi hamda vakolatxona xodimlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borilganda, fuqaro S.B. 2020-yil 13-sentabrda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun Rossiya Federatsiyasiga ketganligi va joriy yilning 29-oktabr kuni baxtsiz hodisa oqibatida balandlikdan yiqilib, umurtqa pog‘onasidan og‘ir tan jarohati olganligi aniqlangan.

Migratsiya agentligiga ko’ra, bugun, 27-dekabr kuni fuqaro S.B. shifokor nazoratida Moskva – Toshkent aviareysi orqali Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan O‘zbekistonga olib kelindi.

Toshkent xalqaro aeroportida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi ma’sul xodimlari va fuqaroning yaqin qarindoshlari kutib oldi. Yaqin qarindoshlari hamrohligida Samarqandga kuzatib qo‘yildi.