Sal avval ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Samarqand viloyati Jomboy tumanida “MAN” yuk mashinasi yonib ketganligi bo‘yicha YHXBB axborot xizmati ma’lumot berdi.

Foto: YHXBB axborot xizmati

Xabarga ko’ra, joriy yilning 26-dekabr kuni soat 04:00larda, Samarqand shahar hududidan o‘tuvchi M-39 avtomobil yo‘lining 1079 kilometrida “Toshkent-Samarqand” yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan, “MAN” rusumli yuk avtomobilining yukxonasidagi muzlatgichda qisqa tutashuv sodir bo‘lgan va uning ortidan yong‘in yuzaga kelgan. Ushbu yong‘in transport vositasining kabina qismiga ham ta’sir etgan.

Yong‘in o‘t o‘chiruvchilar tomonidan bartaraf etilgan. Tan jarohati olgan fuqarolar yo‘q.

Ushbu holat yuzasidan Samarqand shahar IIO FMB YHXB xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

“Barcha haydovchilardan boshqaruvidagi transport vositasining texnik sozligiga e’tiborli bo‘lishlarini so‘raymiz”, – deyiladi xabarda.