Tojikiston fuqarolari qirg‘izistonliklarning avtomobillarini toshbo‘ron qildi, bunga javoban qirg‘iz chegarachisi havoga o‘q uzdi. Bu haqda Qirg‘iziston chegara boshqarmasi matbuot xizmatiga tayanib RIA Novosti xabar berdi.

Foto: Google

Qirg‘iziston chegarachilariga ko‘ra, kecha, 25-dekabr kuni Qirg‘izistonning Damba va Maqsat qishloqlari qarshisidagi chegara yaqinida tojik harbiylarining ko’pligi qayd etilgan va ular chegara postlaridan biriga minomyot o‘rnatgan. 

Oradan ko‘p o‘tmay chegara yaqinidagi Eki-Tosh hududida otishma sodir bo‘lgan: tojik fuqarolari qirg‘iz xalqining mashinalariga tosh otgan, qirg‘iz chegarachisi mojaroni to‘xtatish uchun havoga o‘q uzishga majbur bo‘lgan. 

“Eki-Tosh hududida sodir bo‘lgan voqeadan so‘ng darhol Qirg‘iziston va Tojikiston chegara postlari rahbarlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi va ular vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida qo‘shimcha chegara qo‘shinlarini joylashtirdi. Tojikiston tomoni qidiruv ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi. Davlat chegarasining ushbu qismida joylashgan chegara xizmati bo‘linmalari xizmat ko‘rsatishning kuchaytirilgan versiyasiga o‘tkazildi”, – deyilgan xabarda. 

Hozirga kelib u yerda vaziyat nisbatan barqaror. 

Ma’lumot o‘rnida, Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasi vaqti-vaqti bilan mahalliy aholi va ikki davlat chegarachilari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar hududiga aylanib bormoqda. 

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara xizmati 22-dekabr kuni davlat chegarasining qirg‘iz-tojik uchastkasida qurol qo‘llanishi bilan bog‘liq hodisa ro‘y bergani haqida xabar qilgandi.