Turkmaniston poytaxti Ashxobodda 2022-yil yanvar oyida prezident Gurbanguli Berdimuhamedovning bobosi Berdimuhamed Annayev nomidagi 1-ixtisoslashtirilgan harbiy bilim yurti qurilishi boshlanadi. Bu haqda Xronika Turkmenistana xabar berdi.

Foto: Google

Ma’lum qilinishicha, 700 o‘rinli maktab Saparmurat Turkmanboshi va Otamurat Niyozov shoh ko‘chalari chorrahasida quriladi. Qurilish ishlari Turkiya kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi. Uning ochilishi 2024-yilning avgustiga rejalashtirilgan.

Qayd etilishicha, hozirgi qurilish maydonchasida ilgari ko‘p qavatli turar joy binolari joylashgan bo‘lgan. Ularning buzilish ishlari 2021-yil yanvar oyida boshlangan. Iyul oyida Gurbanguli Berdimuhamedovga Ashxobodda yangi inshootlar, jumladan, ushbu maktab qurilishi loyihalari ko‘rsatilgan.

Shu hafta boshida esa bo‘lajak maktab yonidagi kamida to‘rt qavatli turar joy binolarini buzish ishlari boshlangan. xabarlarga ko‘ra, ularning o‘rniga shahar xizmatlari uchun yangi bino quriladi.

Avvalroq, Turkmaniston rahbari Yangi yil arafasida mahsulotlarni arzonlashtirish haqida topshiriq bergani xabar qilingandi.