Andijon viloyati Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasiga hokim yordamchilarining uniformasi uchun 855 million so‘m ajratildi. Pul ajratilishi to’g’risidagi farmoyish viloyat hokimi tomonidan imzolangan.

Foto: Hokim qarori

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov 24-dekabr kuni imzolagan farmoyishga binoan, viloyat mahalliy byudjeti daromadlar rejasining 2021-yil 3-chorak yakuni bo‘yicha orttirib bajarilgan qismi hisobidan hokim yoradamchilari formasi uchun 855 million so‘m, shuningdek, viloyat hokimligi ishlar boshqarmasiga viloyat hokimligi moddiy texnika bazasini mustahkamlash uchun 130 million so‘m ajratildi.

Farmoyishda formalar tayyorlab beruvchi kompaniya yoxud viloyatda mehnat shartnomasi tuzilgan hokim yordamchilari soni ko‘rsatilmagan.

Bundan tashqari, viloyat hokimi o‘z farmoyishi bilan mahalliy budjetning zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga 970 million 500 ming so‘m ajratgan. Farmoyishda pulning sarflanish maqsadi ko‘rsatilmagan.

Avvalroq 2022-yilning 1-yanvaridan respublikaning 9 ming 259 ta mahallasida hokim yordamchilari ish boshlashi ma’lum qilingandi. Farmonga muvofiq, hokim yordamchilarining oylik ish haqi miqdori ular biriktirilgan mahalladagi xonadonlar soniga mutanosib ravishda belgilanadi.

Mazkur lavozimga:

  • Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish, Moliya, Bandlik va mehnat munosabatlari, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirliklari, Davlat soliq qo‘mitasi, tijorat banklari, iqtisodiy va investitsiya komplekslariga kiruvchi boshqa idoralar, ularning hududiy bo‘linmalarida bo‘lim (sho‘ba) boshlig‘idan past bo‘lmagan lavozimda ishlovchi rahbar xodimlar, shuningdek, mahalliy hokimliklarning rahbar xodimlari tayinlanadi.
  • Nomzodlar ochiq tanlovlar asosida ishga qabul qilinadi.
  • Tadbirkorlar, boshqa soha vakillari, faol yoshlar, rahbarlik lavozimida faoliyat yuritmayotgan xodimlar va oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan fuqarolar ham ishga qabul qilinishi mumkin.