Bugun, 25-dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyuradi.

Foto: Prezident matubot xizmati

Xabarga ko’ra, Qashqadaryo viloyatida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha “Uzbekistan GTL” zavodining ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Bu yerda yiliga umumiy qiymati 1 milliard AQSh dollar yoki 12,8 trillion so‘mdan ortiq import o‘rnini bosuvchi neft mahsulotlari va uglevodorod xomashyolari ishlab chiqariladi.

UzGTL sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish loyihasi yaratilishida Sasol (Janubiy Afrika), Haldor Topsøe (Daniya), Chevron (AQSh) va Honeywell kabi yetakchi kompaniyalarning ilg‘or texnologik yechimlaridan foydalanildi.

UzGTL sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish majmuasida yiliga 3,6 milliard kub metr gaz qayta ishlanadi, undan yiliga 1,5 million tonna yuqori sifatli va ekologik toza sintetik yoqilg‘i, jumladan, 307 ming tonna kerosin, 724 ming tonna sintetik dizel yoqilg‘isi, 437 ming tonna nafta va 53 ming tonna suyultirilgan gaz kabi neft mahsulotlari ishlab chiqariladi.

Yuqori xalqaro standartlarga javob beradigan UzGTL mahsulotlari birinchi navbatda, respublikaning neft mahsulotlariga, xususan, dizel yoqilg‘isi va kerosinga, shuningdek, suyultirilgan gazga bo‘lgan ichki ehtiyojini qoplash uchun yetkazib beriladi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar yuqori sifatli bo‘lgani uchun eksport qilish imkoniyati ham mavjud bo‘ladi.