Prezident Shavkat Mirziyoyev “Uzbekistan GTL” zavodining ochilish marosimida ishtirok etish uchun Qashqadaryoda bo’lib turgani haqida xabar bergandik.

Foto: Telegram

Prezident “Uzbekistan GTL” zavodi ochilish marosimining rasmiy qismida nutq so’zlamoqda. Shavkat Mirziyoyev zavod qurilishi boshlanganda, bunga shubha bilan qarashgani haqida gapirdi.

“To‘g‘risi, biz GTL loyihasini boshlaganimizda, ko‘pchilik buni uddalashimizga shubha bilan qaragan edi. “Qilolmaysizlar, qo‘llaringizdan kelmaydi” deyishgandi.

Lekin, biz qat’iy intilish va mashaqqatli mehnatimiz bilan, barchamiz birgalikda murakkab sinov va qiyinchiliklarni yengib o‘tib, mana shunday yangi va zamonaviy, yuqori texnologik majmuani barpo etishga erishdik. Bu bilan har qancha faxrlansak, arziydi.

Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi davrida 10 mingdan ortiq ishchi karantin talablariga qat’iy amal qilib, uzoq vaqt oilasi, yaqinlaridan olisda ishlab, haqiqiy qahramonlik namunasini ko‘rsatdi, desak, har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi.

Fursatdan foydalanib, qiymati 3,4 milliard dollar bo‘lgan, GTL zavodi qurilishida munosib ishtirok etgan barcha mutaxassislar, fidoyi quruvchi, muhandis va loyihachilar, hurmatli xorijiy hamkorlarimizga chuqur minnatdorchilik bildiraman”, degan davlatimiz rahbari.

Shundan so’ng Shavkat Mirziyoyev “Uzbekistan GTL” zavodi faoliyatiga start berdi.