Bugun, 25-dekabr kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining navbatdan tashqari Kongressi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘FAning ichki masalalari muhokama qilindi.

Foto: O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi

O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq futbolchisi Ahmedov Odil Olimjonovich O‘FA vitse-prezidenti lavozimi hamda O‘FA Ijroiya qo‘mitasining a’zoligiga tayinlandi.

Shuningdek, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan 2021 yil 25-sentyabrda o‘tkazilgan hisobot saylov Kongress bayoni va O‘FA ustavi 37-moddasi hamda Ijroiya Qo‘mitaning 04/2021-sonli bayonining qaroriga asosan O‘FA Ijroiya Qo‘mitasi a’zolarining vakant joylarini to‘ldirish maqsadida O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi Shoabduraxmonov Rustam Mavzurovich, O‘zbekiston Respublikasining Turizm va sport vaziri birinchi o‘rinbosari Karimov Avaz Qudratullayevich, “O‘zbekneftgaz” Aksionerlik jamiyati boshqaruv raisi Abdullayev Mehriddin Razzoqovich, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Komilov Kozimjon Fozilovich, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi raisi Xodjayev Alisher Jo‘raqulovich nomzodlari tasdiqlandi.

Eslatib o’tamiz, avvalroq Odil Ahmedov futbolchilik faoliyatini yakunlagani haqida xabar berilgandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va Professional futbol ligasi tomonidan o‘zbek futbolining 2021-yil yakunlariga bag‘ishlangan “Uz Football Awards-2021” taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tmoqda.