IIV ishchi guruhi Buxoro viloyatida jinoyatchilikni jilovlash hamda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni o‘rgandi. Bu haqda O’zA xabar berdi.

Foto: Google

Davlat rahbari tomonidan joriy yilning 12-fevral kuni IIV Hay’atining kengaytirilgan majlisida berilgan topshiriqlar ijrosi o‘rganildi. Ishchi guruhi tomonidan tahlil qilindi. Xodimlar tomonidan xizmat intizomi va qonuniylikka rioya etilishi holatlariga alohida e’tibor qaratildi.

Viloyat IIB rahbarlari va o‘rinbosarlari ishtirokida aniqlangan muammoli masalalar hamda tezkor tadbirlarning amaliy natijalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘libi o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasining mazmun mohiyati va belgilangan vazifalar tushuntirildi.

Shu bilan birga, rahbar xodimlarning faoliyati davomida tashabbuskorligi, bilim saviyasi, odob-axloqi hamda xizmat intizomiga rioya etishi tahlil qilindi. Faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 14 nafar rahbar va mas’ul xodimlarga nisbatan intizomiy jazo qo‘llanildi.

Jumladan, Buxoro va Shofirkon tumanlari IIB boshliqlari egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Viloyat IIB Probatsiya bo‘limi boshlig‘i va Kogon shahar IIB boshlig‘i, Peshku, Shofirkon, Buxoro va Kogon tumanlari IIB boshliqlarining o‘rinbosarlariga intizomiy chora ko‘rildi.

O‘z xizmat vazifalariga sitqidildan yondashgan, namunali xizmat qilib hamkasblariga o‘rnak bo‘layotgan 31 nafar xodim “A’lo xizmatlari uchun”, “Benuqson xizmatlari uchun” ko‘krak nishonlari, muddatidan oldin maxsus unvonlar, esdalik sovg‘alar hamda pul mukofotlari bilan rag‘batlantirildi. Viloyatdagi bo‘sh bo‘lgan 3 ta rahbarlik lavozimlari tajribaga ega, yuqori malakali nomzodlar bilan to‘ldirildi.